Ish qidirayotgan talabalar diqqatiga

Absolventenfeier an der Universität Bonn(UZ)  Shaxsiy suhbatlarda va facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda Germaniyaga yangi kelgan vatandoshlar ish (Nebenjob) qidirayotgani haqida qayta-qayta xabardor bo‘laman. Barcha abituriyent va studentlarga o‘z tajribam va bilganlarimdan kelib chiqib quyidagicha maslahat berishim mumkin:

1) Mahalliy gazetalardagi e’lonlarga e’tibor bering. Masalan, Kölnda „Kölner Stadt-Anzeiger“ yoki Bonnda „General-Anzeiger“ nomli gazetalar bor. U yerda turli xil e’lonlar berilgan bo‘ladi, shu jumladan ish masalasida > Stellenanzeige/Stellenangebote.

2) Yoki biroz pul to‘lab (taxminan 20 €), gazetaga o‘zingiz e’lon berishingiz ham mumkin. Masalan, nemis oilada au-pair bo‘lib ishlagan bo‘lsangiz, e’londa quyidagi matnni qo‘llashingiz mumkin „Freundliche, erfahrene und flexible Studentin bietet zuverlässige Kinderbetreuung an. Tel.: …“ (Lekin ba’zida bema’ni odamlar telefon qilib qolishi mumkin, hayron bo’lmang.)

3) Shaharni aylanib yurganingizda do‘kon yoki restoranlar derazasiga ham e’tibor bering. U yerda ham e’lonlar uchraydi. Balki kiyim-kechak do‘konidan ish topilib qolar. E’lonni ko‘rdingizmi? Darrov telefon qiling yoki o‘zingiz shaxsan boring. Chunki bunday ishlarga odam tez topiladi.

4) Tanish-bilishlaringizga, ayniqsa ishli-joyli nemislarga, ish qidirayotganingizni uyatmasdan va hijolat bo‘lmasdan aytib qo‘ying. Ular orqali ham keyinchalik ish topilib qolishi mumkin.

5) Odamlar bilan tanishsangiz, ular qayerda ishlashiga qiziqing. Balki Sizga ham u yerda ish topilib qolar.

6) Internetda turli saytlar ham bor, masalan, www.kalaydo.de > Jobbörse.

7) Universitetning e’lonlar devorchasini (schwarzes Brett) ham kuzatib yuring. Balki omadingiz chopar.

8) Har bir universitetning internet saytida ham e’lonlar berilgan qismi bor, masalan, Köln universitetida www.stellenwerk-koeln.de.

9) Nasroniylarning rojdestvo bayrami arafasida, ya’ni dekabr oyi uchun, ko‘p magazin va rojdestvo yarmarkalariga (Weihnachtsmarkt) yordamchilar (Weihnachtsaushilfe) qidiriladi. Shuning uchun ayniqsa noyabr oyida ilhaq bo‘ling. Qishki ta’tilda har kuni ishlab yaxshigina pul to‘plab olishingiz mumkin.

10) Diplomli va/yoki malakali kadrlar uchun esa www.stepstone.de, www.monster.de, www.academics.dewww.interamt.de kabi saytlar bor.

11) Bundan tashqari, har bir korxona yoki tashkilotning o‘z internet saytida ham e’lonlar bo‘ladi, albatta. Oldin Sizni qiziqtirgan firmaning saytiga kiring va umumiy ma’lumotlar bilan tanishib chiqing. Saytning pastida yoki chekkasida maydaroq harflar bilan yozilgan „Karriere, Stellenangebote, Über uns“ nomli rubrikalarda ishga taaluqli e’lonlar joylashtirligan bo‘ladi.

Germaniyada odatda yoshlar qiladigan ishlar ro‘yxati:

Kellner/Service, Theke/Barkeeper, Küchenhilfe, Koch, Babysitter/Kinderbetreuer, Gartenpfleger, Umzugshelfer, Portier/Nachtportier/Hotelmitarbeiter, Zeitungszusteller, Flyerverteiler/Promotion, Haushaltshilfe/Putzhilfe, Hundesitter, Callcentermitarbeiter, studentische Hilfskraft, Werkstudent in den Unternehmen, Aushilfe, Büroaushilfe, Weihnachtsaushilfe, Aushilfe im Lebensmittelgeschäft, Aushilfe auf der Messe usw. Alle Jobs männlich und weiblich. (Nemis tilida yozdim. Qidirayotganda yoki e’lon berayotganda osonroq bo‘lar.)

Ba’zi ishlar uchun nemis tilida ravon so‘zlasha va yoza olish qobiliyati talab qilinadi. Aksari hollarda esa bu shart emas.

Bunday ishlar uchun ish haqqi hozirda soatiga taxminan 8-15 €.

Ish qidirish bilan keng ko‘lamda shug‘ullanib puxta tayyorlanmoqchi bo‘lganlarga quyidagi kitobni tavsiya qilaman: „Das große Hesse/Schrader-Bewerbungshandbuch – Alles, was Sie für ein erfolgreiches Berufsleben wissen müssen“, 672 Seiten, Erscheinungsdatum 18.12.2015, ISBN 978-3-8490-2043-9.

Ishlab o‘qish juda qiyin. Ishlab yaxshi baholarga o‘qish undanda qiyin. Lekin qiynalsangiz ham asosiy maqsadingiz doimo ko‘z oldingizda tursin. O‘qing! Imtihondan oldin ishni yig‘ishtirib turib, yaxshilab o‘qing. Chalg‘imang.

Do‘ppini osmonga otadigan kun Sizga ham nasib etishini tilab qolaman.

Gulira’no Maripova, vakolatli tarjimon
Bonn, 10.01.2016

(rasmda Bonn universitetida bitiruvchilar marosimi)

Ein Gedanke zu „Ish qidirayotgan talabalar diqqatiga

Kommentare sind geschlossen.